Belarussiya

Belarussiya Respublikasi

Bayroq
Poytaxt

Minsk

Aholi

9 481 000

Maydoni

207 595 km²

Valyuta

Belorus rubli (BYR)

Tarixi

VII asrdan boshlab hozirgi Belarus hududlarida slavyan qabilalaridan - dregovichlar, radimichlar, krivichlar istiqomat qilganlar. IX asrda Belarus yerlari Kiyev Rusi tarkibiga kirdi. Dastlabki shaharlar-Minsk (1087), Vitebsk, Pinsk, Brest XI asrda paydo bo‘ldi. XII asrda feodal tarqoqlik boshlangan bir vaqtda bir qator mayda knyazliklar: Polotsk, Turovo-Pinsk, Grodno, Minsk va boshqalar vujudga keldi. XIV asrda butun Belarus yerlari Litva Buyuk Knyazligi tarkibiga kirdi. 1569-yili Polyak-Litva davlatlarining birlashuvi oqibatida Rech Pospolita davlati tashkil topdi, Belarus ham o‘z-o‘zidan bu davlat tarkibiga kirdi. XVII asrdan bu hududlar Belaya Rus deb atala boshladi va 1795-yili Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib olindi. I jahon urushi vaqtida mamlakat deyarli to‘liq nemis qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilindi. 1918-yili Belarussiya Xalq Respublikasi e’lon qilindi, biroq tez orada bolsheviklar uni yo‘q qilishdi. 1919-yili Sovet Belarussiyasi tuzildi. Polsha 1920-yili vaqtincha Belarussiya hududlarini bosib oldi va 1921-yilgi sovet - polyak «Riga tinchlik sulhi»ga ko‘ra unga g‘arbiy Belarussiya hududlari o‘tdi. 1922-yil 30-dekabrda SSSR tashkil topdi va Belorussiya SSRning tarkibiga kirdi. 1939-yil SSSR va Germaniya o‘rtasidagi separat kelishuvlar natijasida g‘arbiy Belarussiya respublika tarkibiga qaytarildi. Ikkinchi jahon urushida 1941-1944-yillarda Belarus yerlari nemis bosqinchilariga qarshi jang maydoniga aylandi. Urushda mamlakatning 2,5 mln aholisi qirib tashlandi, yirik shaharlar - Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilyov vayron qilindi, 9 mingdan ortiq qishloqlar yondirib yuborildi. Urush vaqtida mamlakat hududida 1100 ta partizan otryadlari (375000 jangchi) harakat qildi. 1944-yilning yozida Belarussiya sovet qo‘shinlari tomonidan ozod qilindi. 1945-yili Belarussiya SSSR tarkibida hozirgi hududlariga ega bo‘ldi. SSSRning parchalanishi oqibatida 1991 -yilning 25-avgustida mustaqil davlat - Belarussiya e’lon qilindi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Belarussiya jiddiy iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklami boshdan kechirdi. Natijada aholining turmush darajasi sezilarli darajada pasaydi. Shunga qaramasdan, hozirgi kunda Belarusda iqtisodiy va siyosiy ahvol barqarorlashib bormoqda. Keyingi yillarda mamlakat hukumati yuritayotgan oqilona iqtisodiy siyosat tufayli Belarus xalqining ijtimoiy turmushi ancha yaxshilandi va MDH davlatlari orasida oldingi o‘rinlardan birini egalladi. Belorussiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1993-yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

Iqtisodiyoti

Sanoatning asosiy tarmoqlari: avtomobilsozlik va traktor mashinasozligi, radioelektronika, yengil, kimyo sanoatlari, uskunasozlik, oziq-ovqat, harbiy texnika ishlab chiqarish. Qishloq xo‘jaligi asosan donli ekinlar, kartoshka, sabzavotlar yetishtirishga hamda go‘sht va sut ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Eksporti: mashinasozlik mahsulotlari, kimyo va oziq-ovqat mahsulotlari. Importi: sanoat va oziq-ovqat xomashyosi. 2012-yil YIM miqdori 104,2 mlrd AQSh dollarni (aholi jon boshiga - 10,7 AQSh doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Rossiya, Ukraina, Polsha, Germaniya, Litva.

Qazilma boyliklari va Interaktiv Xarita