Tarixi
Hozirgi Meksika hududida m. a. II ming yillikdayoq arxaik sivilizatsiya mavjud bo‘lgan. M. a. 1400-yildan m. a. 200-yilga qadar «o‘rta sivilizatsiya» davri davom etdi. Bu davrda (m. a. I asrda) olmeklarning birinchi davlati shakllandi. IV asrda mamlakat hududida VII-VIII asrlarda o‘zining gullab-yashnagan davrini boshidan kechirgan mayyalar imperiyasi paydo bo‘ldi. IX asrda tolteklar sivilizatsiyasi paydo bo‘ldi, bu esa X asrda mayalar madaniyatining shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Natijada tolteklar va mayyalaming aralash madaniyati vujudga keldi. XIII asrda shimoldan kelgan chichimeka qabilalari tolteklami siqib chiqara boshladi, biroq XIV asrda ularni o‘z navbatida atstek qabilalari siqib chiqarishdi. Atsteklar mahalliy qabilalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklardan foydalanib ushbu regionda kuchli siyosiy mavqega erishdilar va ulkan imperiyani vujudga keltirishdi. Bu imperiya XV asrning o‘rtalaridan 1521-yilga qadar gullab-yashnadi. 1521-yili atsteklar davlati Kortes boshchiligidagi ispan mustamlakachilari tomonidan bosib olindi. 1535-yili Meksika Yangi Ispaniyaning vitse-qirolligiga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatni mustamlakalashtirish hindularni qirib tashlash, zo‘rlik bilan xristianlashtirish yo‘li orqali XVII asrning oxiriga qadar davom etdi. XIX asrning boshlarida mamlakatni mustamlakachilardan ozod qilish uchun harakat boshlandi va 1821-yili Meksika mustaqillikka erishdi, 1824-yili esa respublika deb e’lon qilindi. 1836-yili Meksikada Texas va Kaliforniya ajralib chiqib, o‘zlarini mustaqil respublika deb e’lon qilishdi, AQSh bilan urush natijasida esa mamlakat Rio-Granda daryosidan shimoldagi yerlarni boy berdi. 1861-yili Xuares hukumati tomonidan tashqi qarzlarni to‘lashning to‘xtatilishi natijasida mamlakatga Buyuk Britaniya, Ispaniya va Fransiya qo‘shinlari kiritildi. 1862-yil fevralida Angliya va Ispaniya Xuares bilan kelishuv imzolashdi, biroq Fransiya Meksikadagi harbiy operatsiyalarni davom ettirdi, natijada 1867-yili fransuz qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. Ijtimoiy adolatsizlik va hindu dehqonlarining shafqatsiz ekspluatatsiya qilinishi xalq ommasining inqilobiy ko‘tarilishiga olib keldi. 1877-yili mamlakatda inqilobiy vaziyat vujudga kelgan edi. Meksika inqilobidagi qonli voqealardan so‘ng qabul qilingan yangi konstitutsiya 1920-1924-yillarda siyosiy o‘zgarishlar va agrar islohotlar o‘tkazish imkonini berdi. 1928-yildan boshlab mamlakat hokimiyati tepasida konstitutsion inqilobiy partiya turibdi. 1994-yili Meksika hukumati Chyapas shtatida siyosiy islohotlar o‘tkazish talabi bilan chiqqan Zapatistlar ozodlik armiyasiga qarshi kurash olib borishiga to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiyoti
Meksika Lotin Amerikasining nisbatan rivojlangan davlati hisoblanadi. Mamlakat keyingi yillarda hukumat tomonidan o‘tkazilgan struktura o‘zgarishlari, shuningdek, iqtisodiyotni xususiylashtirish va chet el investitsiyalari uchun qulay sharoitlarning yaratilishi natijasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Sanoatning nisbatan rivojlangan sohalari orasida - neft, neft kimyosi (neft va neft mahsulotlari mamlakat eksportining asosini tashkil qiladi), mashinasozlik (jumladan, avtomobilsozlik), tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat ishlab chiqarish tarmoqlari bor. Qishloq xo‘jaligida (YIMning 9% i) bug‘doy va sholi, qahva, paxta yetshtirish, chorvachilik va baliqchilik yaxshi taraqqiy etgan. Asosiy savdo hamkori: AQSh. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 2680 km, avtomobil yo‘llari - 210000 km, ichki suv yo‘llari - 2900 km. Eng muhim portlari: Monsonilo, Syudad- Madero, Sameno-Krus, Tuspon.