Tarixi
Hozirgi Saudiya Arabistoni hududiga arab chorvador qabilalari m. a. IX asrdan boshlab o‘rnashganlar. Arabiston yarimorolining shimoliy qismini egallagan qabilalar yahudiy, bobil va fors madaniyati ta’sirida bo‘lgan bir paytda Arabistonning janubidagi qabilalar o‘zlarining alohida madaniyatini yaratdilar. 570-yili Makkada payg‘ambar deb e’lon qilingan va barcha arab qabilalarini yangi, musulmon davlati Madinaga birlashtirgan Muhammad (s.a.v.) dunyoga keldi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning izdoshlari bo‘lgan xalifalar VII asrda islom dinini Yaqin Sharqqa va Misrga tarqatdilar. VIII asrda esa yangi din Osiyoning kattagina qismi va Shimoliy Afrikaga tarqaldi. Bog‘dod xalifaligi paydo bo‘lgandan keyin Saudiya Arabistonining roli sezilarli darajada pasaydi, ammo Makka musulmonlarining diniy markazi bo‘lib qolaverdi. XIII asrda hozirgi Saudiya Arabistoni hududi Misr mamluklari hukmronligi ostida qoldi. 1517-yili esa Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kirdi. XIX asr boshlariga kelib Saudiya Arabistonida vahobiylar davlati tashkil topdi va mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Tez orada vahobiylar Misr askarlari tomonidan yarim-orolning markaziy qismiga siqib qo‘yildilar, ammo XX asming boshlariga kelib vahobiylarning yetakchisi Ibn Saudning qo‘shinlari mamlakatning qariyb barcha hududida o‘z nazoratlarini o‘rnatdilar, 1932-yili esa Ibn Saud Saudiya Arabistoni qirolligi tuzilganligini e’lon qildi. 1982-yili shahzoda Faxd taxtga chiqdi va u Fors qo‘ltig‘idagi mojarolar paytida mamlakat hududiga Iroqqa qarshi ittifoq qo‘shinlarini joylashtirishga ruxsat berdi. Ular esa bu yerdan 1991-yilning yanvarida Quvaytni ozod qilish bo‘yicha harakatlarini boshlaydi.
Iqtisodiyoti
Iqtisodiyotining asosiy sohasi - neft qazib chiqaruvchi sanoat (YIMning 35% ini va amalda eksportdan keladigan daromadlarning hammasini tashkil qiladi). Dunyoda neftning eng katta zaxirasiga ega. Saudiya Arabistoni neftning eng yirik eksportchisi hisoblanadi va OPEKda yetakchi rol o‘ynaydi. Qishloq xo‘jaligi juda tez rivojlanmoqda (YIM - 10%), asosiy qishloq xo‘jalik ekinlari: bug‘doy, arpa, sitrus, xurmo (xurmo yetishtirish bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda). Makka shahri butun dunyo musulmonlari uchun muqaddas ziyoratgoh hisoblanadi, chunki bu yerda islom dinining asoschisi Muhammad payg‘ambar dunyoga kelgan. Zam-zam qudug‘i va Ibrohimga avliyo Jabroil tomonidan sovg‘a qilingan qora tosh ham muqaddas hisoblanadi va ular ham shu shaharda joylashgan. Haram (Baytulloh) masjidi ham qadimiy, muqaddas Ka’ba atrofida qurilgan. Madinadagi Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar qabri musulmonlar uchun Ka’badan keyin ikkinchi muqaddas ziyoratgoh hisoblanadi. Eng muhim savdo hamkorlari: AQSh, Angliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 886 km, avtomobil yo‘llarining uzunligi - 74000 km (qattiq qoplamali yo‘llari - 35000 km). Mamlakatning asosiy portlari: Jidda, Ras-Tannura, Yanbu.