Shvetsiya

Shvetsiya Qirolligi

Shvetsiya bayrog'i
📍
Poytaxt
Stokgolm
👥
Aholi
10 605 098
🗺️
Maydoni
450 295 km²
💰
Valyuta
Shvetsiya kronasi (SEK)
Shvetsiya bayrog'i
Shvetsiya bayrog'i

Shvetsiya haqida qisqacha

Shvetsiya — Yevropadagi davlat. Poytaxti — Stokgolm. Aholisi — 10,6 mln kishi (2014-yil). Maydoni — 450 295 km². Pul birligi — Shvetsiya kronasi (SEK). Rasmiy tili — shved tili.

🧭 Geografik joylashuvi

Skandinaviya yarimorolining katta qismini egallagan Shimoliy Yevropadagi davlat. Shvetsiyaga Boltiq dengizidagi Gotland va Aland orollari hamda mamlakat sohili yaqinidagi qator mayda orollar tegishli. Shvetsiya g‘arbda va shimolda Norvegiya (1619 km), shimoli sharqda Finlyandiya (586 km) davlatlari bilan chegaradosh. Sharqda Shvetsiya Boltiq dengizi va Botnika qo‘ltig‘i, janubi g‘arbda Kattegat va Skagerrak bo‘g‘ozlari bilan tutashgan. Eresunn tor bo‘g‘ozi Shvetsiyani Daniyaga tegishli bo‘lgan Zelandiya orolidan ajratib turadi. Chegarasining umumiy uzunligi - 2205 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi - 3218 km. Mamlakat hududining asosiy qismi yassitog‘liklar va tepaliklari bor tekisliklardan iborat. Shimol va g‘arbda Skandinav tog‘lari (eng baland nuqtasi - Kebnekayse tog‘i - 2123 m) joylashgan. Mamlakat sharqida Norland yassitog‘ligi joylashgan. Shvetsiyaning janubiy qismida ko‘p sonli ko‘llardan iborat vodiy bor. Yirik ko‘llari - Vettem va Venem. Asosiy daryolari - Kaliks-Elv, Shellefte-Elf, Ume-Elf, Tume-Elf. Mamlakat temir rudasi, qo‘rg‘oshin, rux, mis, kumush va yog‘ochga boy. Haydaladigan yerlar mamlakat hududining 7%, o‘rmonlar va to‘qaylar 64% ini tashkil etadi. Iqlimi - mo‘tadil. Mamlakat hududining yarmidan ko‘prog‘i o‘rmonlardan iborat (23 mln ga). Ignabargli o‘rmonlar ko‘p. Mamlakat janubida aralash o‘rmonlar mavjud. Shimolda asosan mox va lishayniklar o‘sadi. Bug‘u, kiyik, tulki, o‘rmon suvsari, olmaxon, quyon, o‘rdak va oqqushlar hayvonot dunyosini tashkil etadi. Daryolari va Boltiq dengizi turli baliqlarga boy.

📖 Tarixi

Hozirgi Shvetsiya hududida qadimda german qabilalari yashagan. VII-X asrlarda vikinglarning (sharqda ularni varyaglar deb atashgan) ta’siri sharqqa, avvaliga Boltiqbo‘yiga, keyinroq Rossiyaga (IX asrda varyag knyazlari Novgorod va Kiyevni boshqarishga taklif etilgan) tarqalgan. 860-yilga kelib varyaglar Konstantinopol bilan savdo qilishgan. Xristianlikni mamlakatga 830-yilda frank missionerlari olib kirishgan. Bu din dastlabki xristian qirollar Olafe, Skotkonunge (XI asr) va, ayniqsa, XII asrda hukmronlik qilgan Erik IX (Avliyo) davrida keng tarqalgan. Erik IX (1150-1160) Finlyandiyaga qarshi urush boshlaydi. Finlyandiya XIII asrda Shvetsiya tomonidan bosib olinadi. 1359-yilda Shvetsiyaning Daniya va Norvegiya bilan birlashishi (Kalmar uniyasi) Shvetsiyani XVI asr boshigacha Daniyaga qaram qilib qo‘yadi. Karl XII Rossiya, Daniya va Polshaga qarshi kurashgan Shimoliy urushda (1700-1721) shved armiyasi Poltava yaqinida mag‘lubiyatga uchraydi va Shvetsiya XVII asrda Gustav II Adolf davrida egallagan hududlarni qo‘ldan boy beradi. Karl XIII 1814-yilda Norvegiyani Shvetsiyaga qo‘shib oladi (1905-yilgacha). XX asrda ikkala jahon urushlarida neytralitet e’lon qilgan Shvetsiyaning siyosiy hayotida sotsial-demokratlar mavqeyi ortadi. Sotsial-demokratik partiyaning yorqin namoyandalaridan biri Shvetsiya Bosh vaziri 1986-yili terrorchi tomonidan o‘ldirilgan Ulof Palmedir.

📈 Iqtisodiyoti

Shvetsiya samarali ijtimoiy ta’minot, aholining yuqori turmush darajasi hamda fuqarolarning ish bilan to‘la bandligini ta’minlaydigan iqtisodiyotga ega. Mamlakat zo‘r transport kommunikatsiyasiga va malakali ishchi kuchiga ega. Iqtisodining asosini yog‘ochni qayta ishlash, qog‘oz-selluloza sanoati, metallurgiya, gidroenergetika va avtomobilsozlik tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik rnuhim o‘rin tutadi. Don mahsulotlari, qandlavlagi, kartoshka asosiy ekinlar hisoblanadi. So‘nggi yillarda hukumat tomonidan o‘tkazilayotgan islohotlar - soliqlarni kamaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirishdan iborat bo‘lib, ular ishlab chiqarish hajmining o‘sishiga, narxlarning barqarorligini saqlab qolishga, ishsizlik darajasini kamaytirishga qaratilgan. 2012-yil YIM miqdori 325,3 ming AQSh dollarni (aholi jon boshiga – 35,8 ming AQSh doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Germaniya, Buyuk Britaniya, Daniya, AQSh, Norvegiya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 12000 km. Avtomobil yo‘llari - 135819 km (97818 km qattiq qoplamali), ichki suv yo‘llari - 2052 km. Portlari - Evle, Gyoteborg, Kalmar, Malmyo, Stokgolm, Xelsingborg.

Shvetsiya: ko'p so'raladigan savollar

Shvetsiyaning poytaxti qaysi shahar?

Shvetsiyaning poytaxti — Stokgolm.

Shvetsiya qayerda joylashgan?

Shvetsiya — Yevropadagi davlat. Skandinaviya yarimorolining katta qismini egallagan Shimoliy Yevropadagi davlat. Shvetsiyaga Boltiq dengizidagi Gotland va Aland orollari hamda mamlakat sohili yaqinidagi qator mayda orollar tegishli.

Shvetsiyada qancha aholi yashaydi?

Shvetsiya aholisi — 10 605 098 kishi (2014-yil ma'lumoti). Aholi zichligi — 1 km² ga 21,6 kishi.

Shvetsiyaning rasmiy tili qaysi?

Shvetsiyaning rasmiy tili — shved tili.

Shvetsiyaning pul birligi qanday?

Shvetsiyaning pul birligi — Shvetsiya kronasi (SEK).

Shvetsiya qachon mustaqil bo'lgan?

Shvetsiya 1515-yil e’lon qilingan, 1523-yilda tan olinganda mustaqillikka erishgan.