Tarixi
Hozirigi O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi (m.a.) I ming yillikdayoq dastlabki quldorlik davlatlar - Xorazm, Baqtriya, Sug‘d, Parfiya vujudga keladi. M.a. VI asrda ahamoniylar O‘rta Osiyoning ko‘pchilik yerlarida mahalliy aholining qarshiligiga qaramay (Shiroq, To‘maris) o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. M.a. 329-327-yillarda makedoniyalik Iskandar bu hududlarni o‘z imperiyasi tarkibiga qo‘shib oladi. Mahaliy aholining bosqinchilarga qarshi eng yirik qo‘zg‘oloniga sug‘d lashkarboshisi Spitamen bohchilik qiladi. Iskandarning vafotidan so‘ng hozirgi O‘zbekiston hududlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi. M. a. 250-yilda Grek- Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Рњ.a.II asrda Qang‘, Parfiya, Farg‘ona davlatlari vujudga keladi. Grek-Baqtriya podsholigi toharlar tomonidan tor-mor etilgandan so‘ng Toharlar davlati tashkil topadi. II-IV asrlarda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston hududlarida Kushon podsholigi mavjud bo‘lgan. V asrda Eftalitlar davlati, VI asrning o‘rtalarida Turk xoqonligi tashkil topadi. VIII asrda O‘rta Osiyo Arab xalifaligi tomonidan zabt etiladi. O‘rta Osiyo xalqlari arab hukmronligiga qarshi muttasil kurash olib boradi (g‘urak, Divashti, Sharik, Muqanna, Rofe’ ibn Lays qo‘zg‘olonlari). Qo‘zg‘olonlarni bostirishda katta xizmat ko‘rsatgan tohiriylar, so‘ngra somoniylarga hokimiyat topshirib qo‘yiladi. Natijada IX asrning oxirlarida Somoniylar davlati O‘rta Osiyo hududlarini mustaqil boshqara boshlaydi. X asr oxiri XI asrlarda O‘rta Osiyoda Qoraxoniylar, g‘aznaviylar, Saljuqiylar davlatlari mavjud bo‘lgan. XII asrda Xorazmshohlar davlati yuksaladi. IX-XII asrlarda O‘rta Osiyoda ilm-fan taraqqiyoti yuksak darajaga ko‘tariladi. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy kabi qomusiy olimlar, Najmiddin Kubro, Abduxoliq g‘ijduvoniy, Imom al-Buxoriy, Ahmad Yassaviy kabi tasavvuf namoyandalari yetishib chiqdi. 1218-1221-yillarda mo‘g‘ullar mahalliy aholining qattiq qarshiligiga qaramay (Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik) O‘rta Osiyoni bosib oladi. 1238-yili Buxoroda mo‘g‘ullar istibdodiga qarshi Mahmud Torobiy boshchiligidagi yirik xalq qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tatii. 1370-yilda Amir Temur Samarqandda hokimiyatni qo‘lga kiritib, yirik markazlashgan davlatga asos soldi. O‘ttiz besh yillik hukmronligi davrida Temur katta hududlarni zabt etib, ulkan imperiya tashkil etdi. Temur vafotidan so‘ng (1405) Movarounnahrda temuriylar o‘rtasida taxt uchun kurash kechadi. 1409-yili Samarqand taxtiga Mirzo Ulug‘bek o‘tiradi. Temuriylar Movarounnahrda XVI asrgacha hukmronlik qilishadi. Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahrda hunarmandchilik, me’morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. 1500-yili Dashti Qipchoqdan ko‘chmanchi o‘zbeklar xoni Muhammad Shayboniyxon Samarqandga hujum qiladi. Unga qarshi Samarqand taxti uchun Zahiriddin Bobur kurash olib boradi. Bir necha samarasiz urinishlardan so‘ng Bobur Afg‘onistonga ketishga majbur bo‘ladi va 1525-yili Hindistonga yurish uyushtirib, u yerda Boburiylar imperiyasiga asos soladi. XVI asrda O‘rta Osiyoda ikkita xonlik - Buxoro xonligi va Xiva xonligi vujudga keladi. Shayboniylardan Abdullaxon II (1534-1598) uzoq urushlardan so‘ng parchalanib ketgan Movarounnahrni birlashtiradi. 1599-yili Movarounnahrda hokimiyat ashtarxoniylar (1599-1753) sulolasiga o‘tadi. 1740-yili Eron shohi Nodirshoh Buxoroni egallaydi va Buxoro 7 yil Eronga tobe bo‘ladi. 1753-yili Buxoroda hokimiyat mang‘itlar sulolasining birinchi amiri Muhammad Rahim qo‘liga o‘tadi. XVII asr boshlarida Qo‘qon xonligi tashkil topadi. XIX asrning ikkinchi yarmidan Rossiya O‘rta Osiyoga bostirib kira boshlaydi. 1873-yilga kelib O‘rta Osiyodagi uchta davlat ham Rossiyaga qaram bo‘ladi. 1917-yilgi oktabr to‘ntarishidan so‘ng Qo‘qon muxtoriyati tashkil topadi, lekin bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan tugatiladi. O‘tgan asrning 20-yillari yarmigacha bolsheВviklar va milliy ozodlik harakati o‘rtasida keskin kurash kechadi. 1924-yilda SSSR tarkibidagi O‘zbekiston SSR tashkil topadi. 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qiladi.
Iqtisodiyoti
So‘nggi yillarda hukumat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy siyosat bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, xususiylashtirish va tadbirkorlikni kengaytirishga, moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga, milliy valutani mustahkamlashga qaratilgan. Chet el investitsiyalari kirib kelishiga imkoniyatlarning yaratilishi ishlab chiqarishning taraqqiy etishiga turtki bo‘ldi. Sanoatning rivojlangan tarmoqlari: rangli metallurgiya, to‘qimachilik, yonilg‘i, kimyo, oziq-ovqat, qurilish, mashinasozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik. Paxta, bug‘doy, sholi, turli meva va sabzavotlar, poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Chorvachilik rivojlangan. Tola, tabiiy gaz, rangli metallar, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari, avtomobil, meva va sabzavotlar, qorako‘l terilari eksport qilinadi. 2012-yil YIM miqdori 78,4 mlrd dollarni (aholi jon boshiga - 2800 doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: MDH davlatlari, Germaniya, Yaponiya, XXR, Janubiy Koreya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi - 7000 km dan oshiq, avtomobil yo‘llari - 80 000 km.